Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a`zosi O`.N. Axunov “Payshanba – yoshlar bilan ishlash kuni” doirasida Jalaquduq tumanining Oyim shaharchasida bo`lib, uch avlod vakillari bilan mazmunli muloqot o`tkazdi.
“Uch avlod uchrashuvi” ruhida o`tgan mazkur tadbir Yangi O`zbekiston taraqqiyotida inson kapitali, ayniqsa yoshlar omilining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi. Senator o`z chiqishida bugungi yoshlarimiz ulkan imkoniyatlar davrida voyaga yetayotgani, ulardan yuksak bilim, qat`iyat va Vatanga sadoqat talab etilishini alohida ta`kidladi.
Ta`kidlanganidek, davlatimiz tomonidan yoshlarni qo`llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro`yobga chiqarish va jahon miqyosida raqobatbardosh kadrlar etib tarbiyalash borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv davomida mahalla yettiligi, nuroniylar va deputatlarning o`zaro hamjihatligi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy va ma`naviy yuksaltirishda asosiy kuch ekani qayd etildi. Barcha ishtirokchilarni bir maqsad yo`lida — obod va farovon hayot barpo etish yo`lida yanada faol bo`lishga da`vat etildi.
Tadbirda aholi va yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlar, taklif va tashabbuslar senator tomonidan atroflicha o`rganilib, ularni ijobiy hal etish bo`yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Mazkur masalalar ijrosi mahalliy Kengash
deputatlari tomonidan qat`iy nazoratga olindi. Uchrashuvda senatorga tuman Kengashi raisi Sh.Xaytaxunov, tuman Kengashi deputatlari A.Qurbonov, E.Qurbonov va I.Juraevlar hamrohlik qildilar.