O‘zbekistonda yoshlar siyosatiga eng ustuvor masala sifatida qaralayotgani bejiz emas.
Zero, aholimizning qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. Shu jihatdan, yoshlar jamiyatimizni harakatlantiruvchi katta kuch, islohotlarimiz drayveri. Haqiqatan ham mamlakatimizda so‘nggi yetti-sakkiz yil yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda “katta sakrash davri” bo‘ldi. Buning isbotini o‘tgan yillarda yoshlarga oid 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganidan ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston BMT “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi. Yoshlar taraqqiyot indeksida ham mamlakatimiz yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan davlat, deb topildi. Buxoro shahri Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri esa Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoshlari poytaxti maqomini oldi. Shu kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan Global yoshlar festivalida 30 dan ortiq davlatdan kelgan 300 nafardan ziyod yoshlar, 10 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Bugun hech kimga sir emaski, aksariyat davlatlarda yoshlar soni kamayib boryapti va bu o‘ziga yarasha iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaryapti. Ana shunday bir sharoitda O‘zbekiston mehnatga layoqatli aholining ko‘pligi nuqtayi nazaridan nufuzli davlatga aylanayotgani e’tiborga molik.
O‘zbekiston aholisi esa 2040 yilga borib, 50 millionga yetishi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda. Albatta, bu barchamizga o‘ziga yarasha katta mas’uliyat ham yuklaydi. Ya’ni, yoshlarning ta’lim tarbiya olishi, umuman, har jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishi faqat davlatning emas, har birimizning eng asosiy vazifamizga aylanmog‘i lozim. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga ham “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan alohida bobning kiritilishi va unda yoshlarga oid qator normalarning o‘rin olgani ham bu boradagi eng xayrli va e’tiborli jihat bo‘ldi. Jumladan, Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlamoqda. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishi esa rag‘batlantirilyapti. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart sharoitlar yaratyapti. Agar 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida” gi qonun qabul qilingan bo‘lsa, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun bilan 30 iyun – “Yoshlar kuni” sifatida belgilab qo‘yildi. Eng asosiysi, Konstitutsiyaga ilk bor Yoshlar bilan bog‘liq normalarning kiritilgani, shubhasiz, yoshlar masalasi davlatimiz siyosatining doimo e’tibor markazida bo‘lishi va shunday bo‘lib qolishidan dalolat beradi. Zero, har qanday davlatning tarixiy taraqqiyoti, jadal rivojlanishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha mamlakatda yoshlarga berilayotgan e’tiborda ko‘rinadi.
🇺🇿Xalq deputatlari Navoiy shahar kengashi deputati Irgasheva Nilufar Uralovna