Mahalliy sanoatni rivojlantirish: muammolar va yechimlar
2025-yil 26-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakat sanoatini chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish va istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlashga bag‘ishlandi. Yig‘ilishda belgilangan vazifalar nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilarga, balki butun iqtisodiyotga yangi turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Sanoatda ustuvor yo‘nalishlar
Prezident o‘z nutqida bir qator muhim sohalarni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, to‘qimachilik, mebelsozlik, qurilish materiallari hamda zargarlik sanoati asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
To‘qimachilik sanoati so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, bugungi kunda 7 mingga yaqin tadbirkorni birlashtirib turibdi. 500 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida eksportni oshirish va brend korxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifalari belgilandi.
Qurilish materiallari sanoatida “Shaffof qurilish” platformasini joriy etish orqali mahsulot sifati va ishlab chiqaruvchilarning reytingi nazorat qilinadi. Bu orqali bu sohada sog‘lom raqobatni shakllantirish va samaradorlikni oshirish maqsad qilingan.
Mebelsozlik sanoatida esa 1 millionga yaqin odam faoliyat yuritmoqda. Mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy dizayn va innovatsiyalarni joriy etish bu sohaning asosiy yo‘nalishlariga aylandi.
Zargarlik sanoatida birjada oltin aylanmalar hajmi 6 tonnadan 8 tonnagacha oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, zargarlarga xomashyo bilan kafolatli ta’minot yaratish, yangi ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish choralari belgilandi.
Hududlar kesimidagi muammolar
Yig‘ilishda ayrim hududlarda sanoat hajmi keskin kamaygani alohida ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Toshkent shahridagi Sergeli va Yashnobod tumanlarida sanoat ko‘rsatkichlari pasaygani tufayli shahar bo‘yicha 1,1 foizlik sanoat o‘sishi boy berildi. Shuningdek, yanvar-mart oylarida sanoatda o‘sish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulung‘ur, Dang‘ara, O‘zbekiston, Xiva tumanlari aprel oyiga kelib ko‘rsatkichlarini keskin tushirib yuborgan.
Bu kabi hududlar bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi, tumanlar kesimida aniq indikatorlar joriy etiladi va mas’ul rahbarlar tayinlanadi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash
Prezident tashabbusi bilan mahalliy tadbirkorlar uchun soddalashtirilgan sertifikatlashtirish tizimi, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga subsidiya ajratish, xomashyo bilan kafolatli ta’minlash kabi ko‘plab imkoniyatlar yaratildi. Bu yondashuv ishlab chiqaruvchilarga barqaror faoliyat yuritish va rivojlanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
Xulosa
Mahalliy sanoat – O‘zbekiston iqtisodiy mustaqilligining tayanchi. Prezident tomonidan belgilangan vazifalar va ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar sanoatni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Har bir hudud, tuman va korxonaning o‘zida sanoat salohiyati to‘liq ishga solinsa, bu nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki aholining bandligi va farovonligiga ham katta ta’sir qiladi.
Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi deputati Raximov Mutallib Amirkulovich