Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari B.Eshmurzayev va X.Yarqulov, shuningdek, Xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashi deputati Z.Naxalovlar Ishtixon tumanining Qayirma, Bog‘ixon va O‘zbekqo‘rg‘on mahallalarida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda mahalla yettiligi faoliyati, yoshlar tashabbuslari, jinoyatchilikning oldini olish, tibbiyot xizmatlari holati va aholi turmush darajasi masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qayirma mahallasida, xususiy bog‘cha — “Qayirmalik Doston” rahbari va “Raxmat ota” tibbiyot markazi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shu mahalladagi Sug‘diyona tibbiyot shahobchasida sog‘liqni saqlash xodimlari bilan uchrashuvda sohaga oid islohotlar va qonunchilikdagi yangiliklar muhokama qilindi.
Bog‘ixon mahallasida, tomorqasida uzumchilik bilan shug‘ullanib, barakali daromad topayotgan Umarov Mixliboyning tajribasi deputatlar tomonidan yuksak baholandi.
O‘zbekqo‘rg‘on mahallasida joylashgan 36-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti (DMTT) uchun yangi qurilgan zamonaviy bog‘cha binosi aholi va bolajonlarga katta quvonch ulashgani e’tirof etildi.
Uchrashuvlar davomida deputatlar tomonidan aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolar va takliflar eshitilib, ularni tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.