HUDUDDAGI MADANIYAT MUASSASALARI HOLATI O‘RGANILDI.
Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashiga 15-“Beshkappa” saylov okrugidan saylangan deputat, tuman Kengashi kotibiyati mudiri Berdiqulova Mavluda Tojiddinovna hamda 4-“Bo‘ston” saylov okrugidan saylangan deputat Usipxodjayev Yerlan Ormanovich tomonidan deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida “Bo‘ston” MFY hududida joylashgan Bo‘ston madaniyat markazi faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish davomida madaniyat markazining moddiy-texnik bazasi, binoning umumiy holati, mavjud jihozlar va sahna anjomlarining saqlanishi, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifati bilan yaqindan tanishildi.
Markazda faoliyat yuritayotgan ijodiy to‘garaklar, yoshlar va xotin-qizlar uchun tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda aholining madaniy hayotdagi ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar yuzasidan mas’ullar bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida ayni paytda madaniyat markazida ikki turdagi to‘garak faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida madaniyat markazi binosida isitish tizimi bilan bog‘liq muammo mavjudligi ham aniqlandi. Markaz mas’ullari ushbu muammoni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatish va tegishli tashkilotlarni jalb etish masalasida deputatlarga murojaat qildilar.
Mazkur murojaat yuzasidan 4-“Bo‘ston” saylov okrugi deputati Usipxodjayev Yerlan Ormanovich tomonidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi kiritish hamda muammoning hal etilishi va so‘rov ijrosini nazoratga olishi belgilandi.
Shuningdek, deputatlar madaniyat markazi faoliyatini yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlarni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Madaniyat muassasalari faoliyatini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimi yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishiga ko‘maklashish deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bo‘ston madaniyat markazida aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan nazorat ishlari davom ettiriladi.