Barqaror elektr ta’minoti — aholi farovonligi va hududlar rivojining muhim sharti.
Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash hamda mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Ayniqsa, mavsumiy yuklamalar ortib borayotgan davrda elektr ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, deputat H. Qudratov Yangiobod tumani elektr ta’minoti korxonasida bo‘lib, hududlarda elektr energiyasi ta’minotining joriy holati va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jarayonda elektr tarmoqlarining holati, aholi murojaatlari, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari hamda elektr energiyasini iste’molchilarga barqaror yetkazib berish masalalariga e’tibor qaratildi.
Elektr ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi:
Hududlardagi elektr tarmoqlari va simyog‘ochlarning texnik holatini o‘rganish;
Eskirgan va ta’mirtalab tarmoqlarni bosqichma-bosqich yangilash choralarini ko‘rish;
Elektr ta’minotidagi uzilishlar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish;
Aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda muammolarga amaliy yechim topish;
Kuz-qish mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan talabni inobatga olib, zarur tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish.
MAQSAD — AHOLI UCHUN ISHONCHLI ELEKTR TA’MINOTI.
Elektr ta’minotidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, tarmoqlarni soz holatda saqlash va mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish aholiga qulay sharoit yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Doimiy komissiya tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni o‘rganish, mavjud muammolar yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularning bartaraf etilishi ustidan deputatlik nazoratini olib borishga alohida e’tibor qaratiladi.