Янгиликлар

Deputat e’tibori — natijaga yo‘naltirilgan

Bugun xalq vakili bo‘lish — bu shunchaki lavozim emas, balki mas’uliyat, fidoyilik va halollik asosida xizmat qilishdir. Har bir murojaat — og‘riq, har bir muammo — e’tibor talab qiluvchi haqiqat. Ana shunday muammolardan biri “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inining “Yo‘ltepa” 2-qishlog‘idagi Rahmatobod ko‘chasida yuzaga kelgan edi.

Muammo nimada edi?

2025-yil 1-mavsumi natijalariga ko'ra “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida “Yo‘ltepa” qishlog‘i Rahmatobod ko‘chalari yo‘l infratuzilmasini ta’mirlash taklifi xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, loyiha g‘olib deb topilgan. Unga ko‘ra, “Samarqand mintaqaviyyo‘llariga buyurtmachi” DUK tomonidan yo‘lsozlik ishlari olib borilishi va dastlabki qiymati 1 milliard 499,8 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan edi.

Ammo, deputat sifatida murojaat kelib tushganida ma’lum bo‘ldiki:

Ajratilgan mablag‘ga qaramasdan, “Samarqand mintaqaviy yo'llariga buyurtmachi” DUK tomonidan ishlar juda sust olib borilmoqda;

Asfalt qilinishi kerak bo‘lgan ko‘chalar noto‘g‘ri loyihalashtirilgan, natijada haqiqiy ehtiyojdagi ko‘chalar chetda qolgan;

Aholi norozi bo‘lib, deputatga rasmiy murojaat bilan chiqqan.

Muammoning joyiga chiqildi

Murojaatni befarq qoldirmasdan, deputatlik vakolatimdan foydalangan holda “Yangiobod” MFYga tashrif buyurdim. Joyida holat bilan tanishdim, aholi vakillari, mahalla raisi, mas’ul tashkilot vakillari bilan ochiq muloqot olib bordim. Loyihaning real manzilli amalga oshirilishi, noto‘g‘ri loyihalashtirilgan yo‘nalishlarning aniqlanishi borasida amaliy choralar ko‘rildi.

Natijada:

“Samarqand mintaqaviy yo'llariga buyurtmachi” DUK mas’ullari bilan aloqaga chiqilib, ish jadallashuvi talab qilindi;

Loyihada nomzod qilib ko‘rsatilgan ko‘chalar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilishi yuzasidan takliflar berildi;

Aholining murojaatlari asosida yo‘l loyihasining manzilli to‘g‘riligi qayta ko‘rib chiqildi;

Hozirda ishlar tezlashtirilib, belgilangan muddatlarda yo‘l qurilishi bo‘yicha monitoring olib borilmoqda.

Xulosa:

Deputat — xalq ko‘nglidagi ko‘prik, muammolarga javobgar amaliyot egasi bo‘lishi kerak. “Yo‘ltepa” qishlog‘i muammosi birgina loyiha muammosi emas, balki xalqning umidi, yashash sharoiti va ishonchi bilan bog‘liq masala edi.

Shunday muhim masalada befarqlik emas, birdamlik va e’tibor bilan yondashish samarali natijalar berdi. Bu boradagi ishlar davom etadi — har bir murojaat tinglanadi, har bir taklif inobatga olinadi.

Muallif: Nargiza Parmonova

Xalq deputatlari Payariq tumani kengashi deputati

Slide 1 of 2