#Munosabat
💠Bugungi kunda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi bir maqsadga – farzandlarimizga sifatli ta’lim berishga qaratilgan. Prezidentimizning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikatlash tizimini joriy etish tashabbusi ham aynan shu yo‘nalishda juda muhim qadamlardan biridir.
💠Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari bolalarning ilk bilim olishi, odob-axloqi va dunyoqarashini shakllantirishda asosiy rol o‘ynaydi. Ularning mehnatini qadrlash, malakasini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish — kelajak avlod taqdiriga qaratilgan eng to‘g‘ri yo‘ldir.
💠Milliy sertifikat tizimi joriy etilishi natijasida o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalari aniq mezonlar asosida baholanadi. Bu esa ularni muntazam o‘z ustida ishlashga, yangiliklarni o‘rganishga va malakasini oshirishga undaydi. Sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga har oyda 15 foiz qo‘shimcha ustama berilishi esa ularning nafaqat moddiy ta’minotini yaxshilaydi, balki ma’naviy rag‘bat ham bo‘lib xizmat qiladi.
💠Deputat sifatida ta’kidlashni istardimki, o‘qituvchiga yaratilgan har qanday qulaylik oxir-oqibatda ta’lim sifati oshishiga, farzandlarimizning bilimli va yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga olib keladi. Prezidentimizning mazkur qarori — ustozlar mehnatini yuksak qadrlashning amaliy ifodasi, kelajak ta’limining poydevorini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.
Donoxon Mahmudova
Xalq deputatlari Chilonzor tuman Кengashi deputati