Har yilning 3 dekabr sanasida "Xalqaro Nogironlar Kuni" butun dunyo miqyosida keng nishonlanadi. Bu kunning asosiy maqsadi - nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatda teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, ularning manfaatlari va huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.
Bu borada esa, millatimiz azal-azaldan mehr-oqibatli bo‘lib kelgan. Harakati cheklangan insonlarni suyash, ko‘makka muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish azaliy odatlarimizdan.
Shu munosabati bilan kuni kecha O‘zbekiston "Adolat" SDP Toshkent
viloyati Kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati
Gulnora Ahmedova hamda partiyaning Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi deputati Ravshan Dastirovlar tomonidan ko‘ngli yarim hamyurtlarimizni holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘mak berish ishlari olib borildi. Deputatlarimiz Chirchiq shahridagi "Hayot guli" mahallasida istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan turli yoshdagi fuqarolar xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan habar olishdi. Tashrif doirasida mehrga tashna qalb egalari uchun oziq-ovqat mahsulotlari topshirdilar. Shuningdek, bayram bilan samimiy qutlab, ularga sihat-salomatlik, ko‘ngil xotirjamligini tiladilar.
-Davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosati - xalqimizga xos insoniylik va saxovatpeshalik xislatlarining yaqqol namunasidir, - deydi deputat Ravshan Datirov. - Aholining barcha qatlamlari, xususan, keksa-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash doimo davlatimiz e’tiborida. Salomatligida muammo yoki nuqsoni bor kishilar e’tiborga muhtoj. Ularni muntazam ravishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham konstutitsion, ham insoniylik burchimizdir.
-Taqdir taqozo bilan bolalikdan nogiron edim, qo‘llarim mustaqil harakatlana olmaydi, - deydi "Hayot guli" mahallasida yashovchi Kulpan Urmanova. -
Xondanimga deputatlarimiz holimdan habar olishga kelganlaridan juda xursandman.
Madad uchun, g‘amxo‘rlik uchun rahmat, tinch, osoyishta kunlar uchun
shukronalar aytaman.