Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish-har birimizning ustuvor vazifamiz

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Korrupsiya davlat boshqaruvi samaradorligiga putur yetkazadi, iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga zarar yetkazadi hamda jamiyatda adolatsizlik muhitining shakllanishiga sabab bo‘ladi. Shu bois
korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish bugungi kunning dolzarb talabidir. 

Korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor huquqiy asoslari qator xalqaro huquqiy normalarda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga
quyidagilarni kiritish mumkin: 

2003-yil 31-oktyabrda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi; 

2000-yil 15-noyabrda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiyasi; 

1999-yil 27-yanvardagi Yevropa Kengashining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida” gi Konvensiyasi; 

1999-yil 4-noyabrdagi “Korrupsiyaga uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik to‘g‘risida” gi Konvensiyalari va boshqalar. 

O‘zbekiston yuqorida taʼkidlangan xalqaro normalardan 2008-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi, shuningdek, 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilgan. 

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga
qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-sonli “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilinib, mazkur Farmon asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining
samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yaratilgan bo‘lib, bu borada O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvardagi O‘RQ-419-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur qonun korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari va mexanizmlarini belgilab beradi. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat organlarininggina emas, balki fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning ham muhim vazifasi ekanligi belgilangan. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 12-apreldagi O‘RQ-474-son “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni
davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslarini mustahkamladi. Ushbu qonun fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunlar ijrosini ta’minlash va nazorat qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim. Shu maqsadda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari hamda Kengashlarning doimiy komissiyalari tomonidan hududlarda amaldagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan muntazam monitoring va nazorat tadbirlarini tashkil etish, aniqlangan muammo va
kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularning ijrosini nazorat qilish muhim ahamiyatga ega. 

Bundan tashqari, korrupsiyaning oldini olishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish ustuvor
vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois deputatlar, doimiy komissiyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, adliya organlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar va targ‘ibot tadbirlarini muntazam tashkil etib bormoqda. Aholi o‘rtasida korrupsiyaning salbiy oqibatlari, unga nisbatan belgilangan javobgarlik choralari va korrupsion holatlarga duch kelganda murojaat qilish tartiblarini keng tushuntirish orqali fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish mumkin. Bu esa o‘z navbatida jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlat organlarining vazifasi sifatida emas, balki har bir fuqaroning fuqarolik
mas’uliyati sifatida qaralishi lozim. Jamiyatda halollik, adolat va qonunga hurmat tamoyillarini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash korrupsiyaning oldini olishning eng samarali vositalaridan biridir.

S.Bekmurodova
Xalq deputatlari Zomin tuman Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi