Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

To‘y va marosimlarda ortiqcha dabdabadan voz kechish: Zarurat, manfaat va kelajak sari qadam

Jamiyatimizda to‘y va turli marosimlar azaldan qadrlangan, milliy an’analarimizning ajralmas bir qismi hisoblanadi. Biroq so‘nggi yillarda ushbu marosimlarni ortiqcha dabdaba bilan o‘tkazishga bo‘lgan urinishlar nafaqat oilaviy, balki ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

To‘ylar va marosimlarning dabdabali tarzda o‘tkazilishi oilalarni katta mablag‘ sarflashiga majbur qilmoqda. Bu sarflar ko‘pincha oilalarning umumiy daromadiga nomuvofiq bo‘lib, kredit va qarz olishga olib kelmoqda.

Keyingi yillarda to‘ylarning ommaviylashgan shou-dasturlarga aylanishi, ayrim oilalar o‘zlariga mos kelmaydigan marosimlarni o‘tkazish uchun qo‘shimcha resurslar izlashga majbur bo‘lmoqdalar. Bu tengsizlikni kuchaytiradi, jamiyatda norozilik kayfiyatini paydo qiladi.

To‘y marosimlarining oila imkoniyatiga mos, oddiy va mazmunli tashkil etilishi nafaqat yosh oilalarning kelajakdagi iqtisodiy mustaqilligiga, balki ruhiy barqarorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday yondashuv ota-onalar va yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish, hurmat va ehtirom ruhini kuchaytiradi.

Marosimlardagi ortiqcha dabdabadan voz kechish madaniyati jamiyatda ijtimoiy tenglik va insof meyorlarini tiklashga xizmat qiladi. Bu orqali insonlar bir-biriga nisbatan tanqid emas, balki tushunish va hurmat ruhida munosabatda bo‘lishni o‘rganadilar.

So‘nggi yillarda yurtimizda turli darajada to‘y va marosimlarni tartibga solish borasida bir qator meyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Quyidagi yo‘nalishlarda ya’ni OAV, masjidlar, ta’lim muassasalari va mahalliy kengashlar orqali to‘y madaniyati, insof va mas’uliyat haqida ko‘proq targ‘ibot ishlari olib borish, oddiy, ma’naviy jihatdan boy to‘ylarni o‘tkazgan oilalarni ommaga tanishtirish, ularning tajribasini boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish va mahalladagi to‘ylarni kelishilgan formatda o‘tkazish uchun jamoa nazoratini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, eng muhimi, maktab va oliy ta’lim muassasalarida yoshlar o‘rtasida moliyaviy savodxonlik, to‘g‘ri sarflash, oilaviy ustuvorliklar kabi mavzularni qamrab olgan maxsus darslar, seminar va treninglarni tashkil etish orqali kelajak avlod ongida to‘g‘ri to‘y madaniyatini shakllantirishga erishish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, ortiqcha dabdaba bilan o‘tkazilgan to‘ylar ba’zan insonga baxt emas, balki og‘riqli xotira va og‘ir moliyaviy yuk keltiradi. Bunday holatlarning oldini olish – nafaqat shaxsiy mas’uliyat, balki jamiyat oldidagi burchimizdir.

Nasiba Mo‘minova, O‘ZLIDEP viloyat Kengashi bo‘lim mudiri, tuman Kengashi deputat