Yangiliklar

✅Konstitutsiyaviy adolat sari qat’iy qadam.

#Munosabat

✅Konstitutsiyaviy adolat sari qat’iy qadam.

Joriy yilning 18-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonning imzolanishi mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat instituti rivojida yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichni boshlab bergan tarixiy hujjat sifatida e’tirof etilishi, hech shubhasiz.

Mazkur Farmon mazmun-mohiyatiga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining uzviy davomi bo‘lib, Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, konstitutsiyaviy odil sudlov kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatining qat’iy ifodasidir.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini tubdan isloh qilish, uning vakolatlarini kengaytirish va huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, 2017-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonun Konstitutsiyaviy sud faoliyatida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Natijada, sudning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi.

2021-yil 27-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun esa, Konstitutsiyaviy sudni sud hokimiyatining mustaqil tarmog‘i sifatida huquqiy jihatdan mustahkamladi, mamlakatimizda ilk bor konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etildi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini bevosita himoya qilish mexanizmlarini kengaytirdi.

2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijasida qabul qilingan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Konstitutsiyaviy sudga referendumga qo‘yilayotgan masalalarning Konstitutsiyaga muvofiqligi bo‘yicha xulosa berish vakolatining berilgani esa, uning mamlakat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirdi.

Prezident ta’biri bilan aytganda, Konstitutsiyaviy sud bugun tom ma’nodagi Konstitutsiya himoyachisiga aylandi. Bu esa davlatimizda Konstitutsiya ustuvorligi so‘zda emas, amalda ta’minlanayotganining yaqqol dalilidir.

Farmonning eng muhim jihatlaridan biri — Konstitutsiyaviy sud tomonidan har yili mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risida Oliy Majlis palatalari va Prezidentga taqdim etiladigan axborotning ijrosini ta’minlash mexanizmlarining aniq belgilab berilganidir. Mazkur axborot Konstitutsiyaning mamlakat hududida oliy yuridik kuchga ega ekanligi, uning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosi ekanligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ayni paytgacha ushbu axborotda belgilangan taklif va tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizmlar mavjud emasligi amaliyotda muayyan bo‘shliqlarni keltirib chiqarayotgan edi. Prezident Farmoni bilan mazkur muammo o‘z yechimini topdi: endilikda Konstitutsiyaviy sud axborotida aks ettirilgan taklif va tavsiyalar asosida Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori bilan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi va uning ijrosi doimiy nazorat qilib boriladi.

Bu yangilik O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan Konstitutsiya va qonun ustuvorligini amalda ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon nafaqat Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini oshirishga, balki Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va inson qadrini oliy qadriyat sifatida e’tirof etishga qaratilgan demokratik islohotlarning ortga qaytmasligini yana bir bor tasdiqladi. Uning samarali ijrosi Yangi O‘zbekistonning yangi mazmundagi konstitutsiyaviy tuzumini sifat jihatidan yuqori pog‘onaga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.

Nilufar Ja’farova,

Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashi deputati.

 @sam_vil_deputatlari