Pastdarg‘om tumanida maktabgacha ta’lim sifati va bolalar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish, uni yanada takomillashtirish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda Xalq deputatlari tuman Kengash deputati F.Turayev “Maktabgacha ta’lim kadrlarini tayyorlashning birlamchi bo‘g‘ini” loyihasi doirasida Mirzo Ulug‘bek va Gulakandoz mahallalarda joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatini o‘rgandi.
Tashrif davomida muassasalardagi sharoitlar, jumladan binolarning issiqlik tizimi bilan ta’minlangani, sog‘lom ovqatlanish jarayonining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, bolalar ta’lim-tarbiyasida qo‘llanilayotgan dasturlar hamda pedagoglar ish uslubi atroflicha ko‘rib chiqildi. Muassasalardagi sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, xavfsizlik choralarining ta’minlanishi o‘rganildi.