Yangiobod mahallasida to‘qqiz qavatli zamonaviy uy foydalanishga topshirildi
Mustaqillik bayrami arafasida Nurafshon shahri Yangiobod mahalla fuqarolari yig‘ini hududida 79 xonadondan iborat zamonaviy ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirda shahar hokimining birinchi o‘rinbosari A. Eshbayev, shahar hokimi o‘rinbosari F. Shomurodov, Xalq deputatlari shahar kengashi deputatlari, nuroniylar hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.
To‘qqiz qavatli ushbu turar-joy majmuasi “Modern-Bright Group” MCHJ tomonidan barpo etildi. Binoda 1 xonali, 2 xonali va 3 xonali zamonaviy kvartiralar joylashtirilgan. Shuningdek, majmua aholiga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy liftlar, bolalar maydonchalari va boshqa infratuzilmaviy imkoniyatlar bilan ta’minlangan.
Mazkur yangi uy-joy majmuasi Nurafshon shahrida aholining turmush darajasini yanada yaxshilash, yosh oilalarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.