Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi deputati Abdurazzaqova Zebo Safarovna o‘z saylov okrugi hududidagi Chag‘atoy mahallasida bo‘lib, mahalla xotin-qizlar faoli tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida mahallada xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilda mazkur mahallada “Ayollar daftari”ga 95 nafar xotin-qizni kiritish rejalashtirilgan. Ushbu ro‘yxat orqali ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularning muammolarini individual yondashuv asosida hal etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kredit va subsidiya imkoniyatlari haqida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, kasb-hunarga o‘qitish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Deputat tomonidan mahalladagi mavjud muammolar, xususan, bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va xotin-qizlar faolligini oshirishga doir takliflar tinglandi hamda mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni bosqichma-bosqich hal etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda mahalla tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. “Chag‘atoy” mahallasida olib borilayotgan amaliy ishlar esa bu boradagi sa’y-harakatlarning hayotiy natijasini namoyon etmoqda.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.