Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

O‘ZBEKISTONNING JAHON SAVDO TASHKILOTIGA A’ZO BO‘LISH JARAYONLARI MUHOKAMA QILINDI

#poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati

❗️O‘ZBEKISTONNING JAHON SAVDO TASHKILOTIGA A’ZO BO‘LISH JARAYONLARI MUHOKAMA QILINDI

🏛 2026-yil 23-oktabr kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) bo‘yicha vakili xizmati bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonlari va kutilayotgan amaliy natijalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Mazkur tadbirda senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, tahlil markazlari ekspertlari hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Eldor Tulyakov ham ishtirok etdi.

📊 Davra suhbatida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha olib borilayotgan xalqaro muzokaralar, milliy qonunchilikni xalqaro savdo talablariga moslashtirish hamda mazkur jarayonning mamlakat iqtisodiyotiga kutilayotgan ta’siri atroflicha muhokama qilindi.

♻️ Ta’kidlanganidek, bugungi kunga qadar xorijiy davlatlar bilan 40 dan ortiq muzokaralar raundi o‘tkazilib, 34 dan ziyod davlat bilan muzokaralar yakunlangan. Shuningdek, 70 dan ortiq milliy qonunchilik hujjatlari JST talablari va xalqaro me’yorlarga uyg‘unlashtirilgan.

📉 Muhokamalar davomida JSTga a’zolikning mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishdagi ahamiyati alohida qayd etildi.

🔺 Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes subyektlarini xalqaro raqobat sharoitlariga moslashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish, mahsulot sifatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

✅ Tadbir yakunida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy integratsiyasini jadallashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash

Slide 1 of 10