Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

JINOYATCHILIKNING OLDINI OLISH VA JAMOAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni doimiy komissiya raisi X.Abdurahmonov olib bordi. Unda Kengash kotibiyati mudiri A.Ermatov, komissiya a’zolari, ekspert-maslahat guruhi vakillari hamda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibida Marg‘ilon shahrida joriy yilning to‘qqiz oyi davomida jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari A.Mo‘minov hisobotida qayd etilgan davrda aniqlangan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari va ayrim yo‘nalishlarda kuzatilayotgan holatlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, o‘g‘rilik, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, noqonuniy qurol saqlash hamda boshqa jinoyat turlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Muhokamalar davomida jinoyatchilikning ayrim turlari bo‘yicha kuzatilayotgan o‘zgarishlar, ularning oldini olishda profilaktik tadbirlarning o‘rni va mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Komissiya a’zosi S.Jurayeva tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilishda himoya orderlarining bugungi kundagi ahamiyati yuzasidan fikr bildirdi. U mazkur mexanizmning jabrlanuvchilar xavfsizligini ta’minlash, zo‘ravonlikning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rniga e’tibor qaratdi.

Komissiya a’zosi M.Mirzayev esa jinoyatchilikni sohalar va yo‘nalishlar kesimida chuqur tahlil qilish zarurligini ta’kidladi. Xususan, qaysi turdagi jinoyatlar ko‘payayotgani, bunga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va mavjud muammolarga manzilli yechim topish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, profilaktik tadbirlarni umumiy yondashuv bilan cheklab qolmasdan, kriminogen vaziyati murakkab hududlar va xavf guruhidagi shaxslar bilan individual ishlash asosida tashkil etish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda jinoyatchilikning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emasligi, bu borada mahalla, ta’lim muassasalari, tegishli tashkilotlar va jamoatchilik hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, oilaviy nizolarni o‘z vaqtida aniqlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish hamda jamoat joylarida xavfsizlikni kuchaytirish dolzarb vazifalar sifatida qayd etildi.

Muhokamalar yakunida jinoyatchilikning ayrim turlari bo‘yicha mavjud muammolarni bartaraf etish, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash va mas’ul tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Slide 1 of 8