Media-reja ijrosi doirasida fuqarolarning bandlik, kambag‘allikni qisqartirish va daromad masalalaridagi murojaatlarini o‘rganish hamda ularning natijadorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi PF–193-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida fuqaro Dilorom Odilovaning murojaati yuzasidan o‘rganish ishlari tashkil etildi.
O‘rganish ishlari Xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashi kotibiyati mudiri X.Berdiyarova boshchiligida, doimiy komissiya raisi X.Shayimova, Navbahor mahallasi hududi deputati J.Raxmonqulov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi A.Sharopov, Sh.Suvankulov ishtirokida olib borildi.
O‘rganish davomida fuqaroning ijtimoiy holati va oilaviy sharoiti ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, fuqaro Ijtimoiy reyestrda ro‘yxatda turadi, ikki nafar farzandi esa to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi. Oilaning moddiy imkoniyatlari cheklanganligi sababli farzandlarining kontrakt to‘lovlarini amalga oshirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilingan.
Murojaat yuzasidan mahalladagi ijtimoiy xodim va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikda masala muhokama qilinib, kontrakt to‘lovini qoplash uchun taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqildi. Farzandining ta’lim olishini davom ettirishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida zarur hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish hamda kontrakt to‘lovini amalga oshirish uchun amaliy yordam ko‘rsatish rejalashtirildi.
Mazkur o‘rganish “Deputat nazorati — aholi murojaatidan amaliy natijagacha” media-rejasi doirasida amalga oshirilib, fuqarolarning ijtimoiy muammolarini joyida aniqlash, murojaatlarni tegishli mutaxassislar bilan birgalikda ko‘rib chiqish va ularni hal etishga ko‘maklashishning amaliy ifodasi bo‘ldi.
📝Aholi murojaatlari bilan ishlashda asosiy e’tibor muammoni shunchaki qayd etishga emas, balki uning sabablarini aniqlash, mavjud imkoniyatlarni ishga solish va fuqaroga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilmoqda.
Deputatlik nazoratining samarasi — fuqarolar murojaatlarining e’tiborsiz qolmasligi va har bir masala yuzasidan aniq yechim izlanishida namoyon bo‘ladi.