“7-Bog‘ishamol” saylov okrugida olib borilgan deputatlik nazorat-tahlil tadbirlari va aholi bilan uchrashuvlar davomida fuqarolar tomonidan muhim masala ko‘tarildi.
Xususan, Farovon massividagi 10-sonli ko‘p qavatli uy yonida joylashgan bolalar maydonchasining holati bo‘yicha aholi e’tiroz va takliflarini bildirdi.
Fuqarolarning murojaatlariga ko‘ra, hududda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, mazkur bolalar maydonchasi ta’mirlanmagan. O‘yingoh konstruksiyalarining ayrim qismlari sinib, yaroqsiz holga kelgani esa bolalar xavfsizligi masalasini dolzarb qilib qo‘ymoqda.
Mazkur holat yuzasidan 7-"Bog‘ishamol" saylov okrugi deputati Sh.Allamurodova tomonidan Termiz shahar hokimi o‘rinbosari B. Ergashovga deputat so‘rovi yuborildi.
So‘rovda:
🔹 bolalar maydonchasining holatini mas’ullar ishtirokida joyiga chiqib o‘rganish;
🔹 yaroqsiz va xavfli konstruksiyalarni ta’mirlash yoki yangilash;
🔹 maydonchani zamonaviy bolalar o‘yingohi elementlari bilan boyitish;
🔹 hududni xavfsizlik talablariga mos holatga keltirish;
🔹 amalga oshirilgan ishlar haqida deputat va Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi kotibiyatiga yozma ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
Bolalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish — mahalladagi obodonchilikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganish va ularning amaliy yechimini nazorat qilish deputatlik faoliyatining muhim qismi hisoblanadi.