Янгиликлар

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda va islohotlar samarasini yigit-qizlarimiz o‘z kundalik hayotida sezmoqda, his etmoqda.

Mamlakatimizda yoshlarga nafaqat ertangi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan muhim kuch, balki jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi sifatida qaraladi. Yoshlar tom ma’noda, O‘zbekistonning eng katta boyligi, yorug‘ kelajagimiz bunyodkoridir. 

So‘nggi yillarda yoshlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yurtimizda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. 

Yoshlarga doir davlat siyosati asosida yosh avlodning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va
iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar takomillashtirilib borilmoqda. Ayniqsa, yangi tahrirda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yigit-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joyli bo‘lish, ishga joylashish va dam olish huquqlarini ta’minlash uchun yetarli sharoit yaratish zarurligi belgilab qo‘yildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda va islohotlar samarasini yigit-qizlarimiz o‘z kundalik hayotida sezmoqda, his etmoqda. 

Ushbu yo‘nalishdagi faol islohotlar natijasida birgina o‘tgan yili yurtimiz yoshlari “TOP-500”talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Ayni vaqtda 30 nafar yigit-qizlarimiz dunyodagi “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1 ming 500 nafari “TOP-300”dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olayotgani ham yurtimizda yigit-qizlarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasidir. 

Yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, xorijiy tillarni o‘rgatish, kasb egallab, hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish davlatimizning asosiy vazifasiga aylangan. Bunda zamon talabidan kelib chiqib, zarur sharoitlar yaratilayotir. Jumladan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar o‘qitilgan. 

Yoshlarga bu darajada katta e’tibor qaratilayotgani bejis emas. Chunki davlat va jamiyat boshqaruvida ham, biznesni taraqqiy ettirishda ham, umuman, barcha soha rivojida salohiyatli yoshlar muhim o‘rin tutadi. Ular jamiyat uchun “yangi qon” vazifasini o‘taydi. Shu nuqtayi nazardan, yurtimizda har bir yosh qayerda yashashi va ishlashidan qa’tiy nazar davlatimizning doimiy e’tiborida. 

Bugun o‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilari yoki texnikum va oliygohlarni tugatayotgan talabalar endi qayerda ishlasam, deb tashkilotma-tashkilot sarson-sargardon bo‘lib yurmaydi. Zero, ularni band qilish bo‘yicha 2 ta alohida dastur qabul qilingan. Bu borada Aloqabank va Milliy bankka 300 million dollar ajratilgani, ular “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 100 ming yoshlarni, “Kelajakka qadam” orqali 140 ming oliygoh bitiruvchisini daromadli ish bilan ta’minlashi shubhasiz. 

Bandlik vazirligi esa Savdo-sanoat palatasi Milliy bank bilan birga oliygoh, texnikum, kasbiy ta’lim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bog‘laydigan platformani ishga tushiradi. Bandlik, Maktab, Oliy ta’lim vazirliklari “Harakatda daromad” elektron tizimini yaratib, ta’tildagi 3 million yoshlarni malaka talab qilmaydigan ishlar bilan band qiladi. Bu shuncha oilaga daromad kiradi, ularning orzu-istaklari ro‘yobga chiqadi, deganidir. 

Zotan, bugun katta orzu-maqsadlar bilan Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shaman, deya belini mahkam bog‘lab maydonga chiqayotgan shijoatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash barchamizning burchimizdir. 

M.Quldoshev
Zomin tumani Kengashi deputati