Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashida doimiy komissiyalar faoliyatini amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etish, tavsiya etilgan namunaviy qarorlarni amaliyotga izchil tatbiq qilish hamda qabul qilinayotgan qarorlarning sifati va ijro samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
⚖️ Doimiy komissiyalar faoliyatida hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, qarorlarda ko‘rib chiqilayotgan masalalarning mazmunini to‘liq aks ettirish, aniq vazifalar va ijro mexanizmlarini belgilash muhim ahamiyatga ega. Shu bois komissiyalar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning tavsiya etilgan namunaviy shakllarga muvofiqligi, huquqiy asoslanganligi va ijroga yo‘naltirilganligiga e’tibor qaratilmoqda.
📋 Jumladan, Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parkent tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonidan 2026-yilning 9 oylik yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan axborot eshitilib, atroflicha muhokama qilindi.
🔎 Muhokama markazida tumanda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati, fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, aholi muammolarini aniqlash hamda ularning yechimi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar turdi. Mazkur yo‘nalishda murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish, fuqarolar bilan ishlashda mas’uliyatni kuchaytirish va aholi muammolariga tizimli yondashish masalalarining ahamiyati qayd etildi.
📝 Yig‘ilish yakunida tavsiya etilgan namunaviy qaror asosida doimiy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini tizimli nazorat qilish, mas’uliyatni kuchaytirish hamda murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilishini kuzatib borish belgilandi.
📌 Namunaviy qarorlar asosida ish yuritish doimiy komissiyalar faoliyatida yagona amaliyotni shakllantirish, hujjatlarning mazmuniy va huquqiy sifatini yaxshilash, qarorlarda belgilangan vazifalarning aniq va tushunarli ifodalanishini ta’minlash imkonini beradi. Eng muhimi, qabul qilingan qarorlarning ijrosini nazorat qilish va ularning amaliy natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.
🇺🇿 Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashida doimiy komissiyalar faoliyatini takomillashtirish, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, deputatlik nazoratini samarali tashkil qilish hamda aholi manfaatlariga daxldor masalalarni tizimli ko‘rib chiqish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.