Янгиликлар

O‘zbekiston jahon hamjamiyati nigohida ... Hamkorlik, sheriklik, ishonch

Davlatimiz rahbarining Vengriyaga qilgan rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy, qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda madaniy sohalardagi hamkorlikni yana-da kuchaytirishga, o‘zaro hurmat, do‘stlik, tinchlik munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi deb baralla aytishimiz mumkin.

Prezidentimiz Vengriya bosh vaziri bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi, shuningdek, yetakchi banklar va kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi. Oliy darajada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Vengriya muzokaralari zamirida xalqimizning porloq kelajagi, xotirjamligi, yoshlarimizning jahon arenalarida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar yotibdi.

21-may kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, keng ko‘lamli, ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Ayniqsa, o‘zaro savdo sheriklikni rivojlantirish, sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish tarmoqlari bo‘yicha ko‘zda tutilgan alohida dasturning ishlab chiqilishi bu -mamlakatimizda hamkorlikning iqtisodiy poydevoriga jiddiy eʼtibor qaratilayotganidan dalolatdir.

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya prezidentlari ishtirok etgan sammitda davlatimiz rahbari jahonda yuz berayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishlari oqibatlari kuchayib borayotgani haqida so‘zlab, bunday dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, avvalo BMT Nizomiga tayangan holda yondashuv muhimligini qayd etdi. Qolaversa, Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi xalqimizni yana-da yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida fan, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratib, Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi iqtidorli yoshlarni tayyorlashga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi. Ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish, taʼlim almashinuvini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi. Bu esa yoshlarimizga “Ilmdan o‘zga najot yo‘q” maʼnaviy g‘oya asnosida iqtidorlarini namoyon etish hamda jahon sifatli taʼlim dasturlarini egallashlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Ikki davlat o‘rtasidagi samimiy va do‘stona munosabatlarni Vengriyada o‘rnatilgan mutafakkir allomamiz Alisher Navoiy byustining ochilishida, Budapeshtda “O‘zbek kinosi kunlari”ning o‘tkazilishida, Qo‘qon shahrida birinchi Xududlar forumining samarali o‘tkazilganida, Vengriya davlvt opera teatri sahnasida “Lazgi” baletini sahnalashtirilishi va o‘zbek madaniyati ko‘rgazmasini o‘tkazilishini rejalashtirilganida, O‘zbekistonda Vengriya oliy taʼlim muassasalarining filiallarini ochilishida yoki kelgusi yilni “O‘zbekiston--Vengriya madaniyati yili” deb eʼlon qilish taklifini belgilanishida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Yana bir muhim masala, Davlatimiz rahbarining Vengriya parlamenti spikeri Laslo Kever bilan uchrashuvi O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlarning alohida ahamiyatga ega ekanligidan dalolatdir. Yil oxiriga qadar Vengriya parlamenti spikeri o‘rinbosari va iqtisodiyot qo‘mitasi rahbari O‘zbekistonga, shuningdek, O‘zbekiston parlamenti delegasiyasi esa Budapeshtga tashrifining rejalashtirilishi albatta davlatlararo munosabatlarimizni rivojlantirishga xissa qo‘shishimiz uchun xizmat qiladi.

Sammit yakunida Budapesht deklorasiyasi va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator huquqiy hujjatlar qabul qilindiki, bu muhim qarorlar uzoq muddatli ishonchli sheriklikni hamda ikki davlat o‘rtasidagi manfaatli va istiqbolli rejalarni amalga oshirilishini kafolatlaydi.


Mo‘minova Yoqutxon

Xalq deputatlari Bekobod tumani

Kengashi deputati, kotibiyat mudiri 

Slide 1 of 1