Kuni kecha Davlatimiz rahbarligida “Islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan” videoselektor yig‘ilishida joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar tahlil etildi va dunyo miqyosida ro‘y berayotgan siyosiy-tahlikali vaziyat, davlatlarning savdo aloqalari hamda logistikaga ham ta’siri bo‘layotganligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish tanqidiy ruxda o‘tib, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning borishi, mavjud muammolar, ularning yechimi bo‘yicha aniq vazifalar muhokama qilindi hamda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz o‘sgan, eksport miqdori 18 foiz, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshganligi, 2 million 400 ming aholimiz daromadli bo‘lganligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda bu masala hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, tizimli kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikka YAIM o‘sishi 5,6 foizga yetdi — bu mintaqada eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri, eksport hajmi 10 milliard dollardan oshib, tashqi savdo o‘sib bormoqda, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1,2 million nafar fuqaroga davlat yordami ko‘rsatildi.
Ijro intizomini mustahkamlash, Xalq qabulxonalariga yangi vazifa va vakolatlar berish, “Xalq nazorati” elektron platformasini joriy etish kabi tashabbuslar o‘z vaqtida qo‘yilgan va xalq manfaatiga xizmat qiladigan muhim qadamlardan biridir.
Bu borada “Xalq nazorati” elektron portali butun respublika miqyosida ishga tushirilishi hamda mazkur tizim murojaatlarning yagona platformasi bo‘lishi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanishi bo‘yicha vazifa belgilandi.
So‘ngi vaqtlarda joylardagi muammolar hal bo‘lmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘payganligini ko‘ryapmiz.
Shu bois endi Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi ta’kidlandi. Bu borada hokimlarning vakolatlari kengaytiriladi. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turibdi. O‘z navbatida, davlat boshqaruvi tizimidagi o‘zgarishlar va yangicha yondashuvlarni amalga oshirishda biz, deputatlar ham faol ishtirok etishimiz lozim.
Shuningdek yig‘ilishda hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksport hamda muhitni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Soliq ma’murchiligini yaxshilab, aholi tadbirkorligini va ish o‘rni yaratishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Umuman olganda, mazkur yig‘ilish va davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan zalvorli vazifalar inson qadrini ulug‘lash, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash, har bir fuqaroning o‘z maqsadiga yetishiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Shunday ekan, har bir rahbar xalq ishonchini oqlash uchun yanada faol va tashabbuskor bo‘lishi zarur. Zotan, asosiy maqsadimiz ham odamlar ishonchi va roziligiga erishishdir. Demak, odamlar dardu tashvishi bilan yashash barchamizning, biz deputatlarning ham eng asosiy vazifamizga aylanishi kerak.
Xulosa qilib aytganda, videselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar amaliyotga tadbiq etilsa, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga, fuqarolar huquqlarini samarali ta’minlanishiga va albatta islohotlar natijali, aholini turmush darajasi yaxshilanishi shubhasizdir.