🔹O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-17-son Farmoni asosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida nazarda tutilgan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish, hududlarda aholining yashash sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etildi. Bu borada “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi yanada takomillashtirildi. Jamg‘arma mablag‘lari orqali yong‘in, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan oilalarga uy-joylarini tiklash va ta’mirlash xarajatlarini qoplash maqsadlarida ham yordamlar ko‘rsatilmoqda.
🔹Xalq deputatlari Uchko‘prik tumani Kengashining “Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha”
doimiy komissiyasi yig‘ilishining kun tartibi: tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining joriy yil yanvar-noyabr oylarida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotini eshitishdan iborat bo‘ldi. Markaz rahbari Avazbek Meliqo‘ziyev quyidagilarni ma’lum qildi: “Yordam so‘ragan 508 nafar fuqaro murojaati ijobiy ravishda hal etilmoqda. Ulardan 21 nafariga davolanish, 118 nafariga
dori-darmon, 25 nafariga kiyim-kechak va zaruriy mahsulotlar, 1 nafariga ko‘mir mahsuloti, 2 nafariga oziq-ovqat, 74 nafariga uy-joy ta’mirlash, 54 nafariga esa ta’mirlash-moslashtirish xarajatlari uchun mablag‘lar ajratildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 462-sonli qarori asosida vaucherlar shakllantirilib, hozirgi kunda 50 nafardan ortiq fuqaro murojaati inobatga olingan holda yordamlar berilishi boshlandi. Shu o‘rinda ma’lumot uchun aytib o‘tish kerak: 2024-yilda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yordam tariqasida 687 nafar fuqaroga mablag‘lar ajratilgan”.
🔹Yig‘ilish yakunida jamg‘arma mablag‘laridan belgilangan talablarga qat’iy amal qilgan holda foydalanish maqsadga muvofiqligiga to‘xtalar ekan, doimiy komissiya raisi Muqimjon Dexqonov Markaz rahbarining “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali ko‘rsatilgan yordamlar to‘g‘risidagi hisobotini xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasi muhokamasiga kiritish taklifini ilgari surdi.
Xalq deputatlari Uchko‘prik tumani Kengashi kotibiyati