Yangiliklar

Xalq deputatlari Margʻilon shahar Kengashining "Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha" doimiy komissiyasi ish rejasiga muvofiq Qonuni ijrosi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi.

Xalq deputatlari Margʻilon shahar Kengashining "Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha" doimiy komissiyasi ish rejasiga muvofiq komissiya raisi X.Abdurahmonov, komissiya aʼzosi S.Jurayeva hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi N.Akbarova tomonidan deputat S.Jurayevaga biriktirilgan tashkilot – Margʻilon shahar Ichki ishlar boʻlimida Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ–371-son Qonuni ijrosi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi.

Oʻrganish davomida qonun ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, Margʻilon shahar IIB JXX HPB XQMB katta inspektori Umarova Gulbahor Mahamad qizi tomonidan sohaga oid maʼlumot va tahlillar taqdim etildi.

Maʼlum qilinishicha, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Margʻilon shahrida ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12 tadan 8 taga kamayib, 66,6 foizlik ijobiy oʻzgarish kuzatilgan. Shu bilan birga, ayrim turdagi jinoyatlar, xususan, Jinoyat kodeksining 266, 168 va 169-moddalari bilan bogʻliq holatlar qayd etilgani, mazkur yoʻnalishda profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, joriy yilning olti oyi davomida shaharda 6 ta oilaviy-turmush doirasidagi jinoyat sodir etilganligi, ular orasida badanga yengil va oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish bilan bogʻliq holatlar uchragani qayd etildi. Tahlillar davomida oilaviy nizolar va jinoyatlarning asosiy sabablaridan biri sifatida notinch oilalar bilan profilaktik tadbirlarning oʻz vaqtida va tizimli tashkil etilmayotgani alohida koʻrsatib oʻtildi.

Oʻrganishda oilaviy (maishiy) zoʻravonlikning oldini olish borasidagi ishlar ham tahlil qilindi. Xususan, hisobot davrida shaharda 56 ta oilaviy (maishiy) zoʻravonlik holati qayd etilgan, 276 nafar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan. Shundan 225 tasi oilada sodir etilgan zoʻravonlik holatlariga toʻgʻri kelgan boʻlib, 4 nafar shaxsga takroriy himoya orderi rasmiylashtirilgan.

Tahlillarga koʻra, zoʻravonlik holatlarining eng katta qismi er tomonidan xotiniga nisbatan sodir etilgan boʻlib, 177 ta holatni tashkil etgan. Yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan zoʻravonlik holatlari esa 32 tani tashkil etgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 206¹-moddasi bilan 4 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanilgan.
Oʻrganish yakunida doimiy komissiya tomonidan qonun ijrosini yanada samarali tashkil etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ayniqsa oilaviy zoʻravonlik va xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilikni kamaytirishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan tegishli tavsiya va takliflar bildirildi.

Xalq deputatlari Margʻilon shahar Kengashi tomonidan qonunlar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan oʻrganishlar izchil davom ettiriladi.

Slide 1 of 7