✅O‘ZLIDEP Toyloq tuman Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Zoyirjon Ziyodullayev hamda tuman Kengashi deputati Nasiba Mo‘minova tumanning Sariosiyo mahallasida bo‘lib, mahallada faoliyat olib borayotgan tomorqachi va ishbilarmon ayollar — Mastura Suyunova hamda Gulchehra Xudoynazarova xonadonlarida tashkil etilgan issiqxonalar faoliyati bilan tanishdilar.
✅Uchrashuv davomida O‘ZLIDEP tomonidan amalga oshirilayotgan “Ishbilarmon ayol” va “Namunali tomorqachi” loyihalari to‘g‘risida fikr yuritildi. Ushbu loyihalar mahallalarda aholi tomorqalaridagi bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish, xotin-qizlarni o‘zini o‘zi band qilish, shuningdek, mahalladagi boshqa ayollarni ham ish bilan ta’minlashga qaratilgan.
✅Loyihalar doirasida aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, bir yilda 2–3 marta hosil olish maqsadida tajribali tomorqachi ayollar ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarni muayyan ekin turiga ixtisoslashtirish hamda fermer va tadbirkorlar tomonidan ixcham issiqxonalar qurib berishga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
✅Ma’lumot uchun, ishbilarmon ayollar Mastura Suyunova va Gulchehra Xudoynazarova o‘z faoliyatlari haqida fikr bildirib, farzandlar tarbiyasidan ajralmagan holda, uydan chiqmasdan turib barqaror daromad olish mumkinligini ta’kidladilar.
✅Jumladan, Mastura Suyunova 4 sotix hovlisida zamonaviy issiqxona tashkil etgan bo‘lib, bugungi kunda 3 nafar oila a’zosini ish bilan ta’minlagan. U qulupnay yetishtirib yiliga 200 million so‘m daromad olishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, shu mahallalik Gulchehra Xudoynazarova 12 sotix hovlisida limonariya va qulupnaychilik yo‘lga qo‘yib, 5 nafar yoshlarni ish bilan band qilgan. Ushbu faoliyat orqali yillik o‘rtacha daromadi 500 million so‘mni tashkil etadi.
✅Mastura Suyunova va Gulchehra Xudoynazarova Sariosiyo mahallasining faol, tashabbuskor va ishbilarmon ayollari sifatida qo‘shnilariga ayniqsa xotin-qizlarga ibrat bo‘lib kelmoqda.
✅O‘ZLIDEP mazkur loyihalar orqali barcha tadbirkor xotin-qizlarni qamrab olish, ularni qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan.
Nasiba Mo‘minova, O‘ZLIDEP viloyat Kengashi bo‘lim mudiri, tuman Kengashi deputati