Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

MUROJAATNOMADA BЕLGILAB BЕRILGAN USTUVOR VAZIFALAR YURTIMIZNING OBOD, TURMUSHIMIZNING YANADA FAROVON BOʻLISHINI TAʼMINLAYDI
MUROJAATNOMADA BЕLGILAB BЕRILGAN USTUVOR VAZIFALAR YURTIMIZNING OBOD, TURMUSHIMIZNING YANADA FAROVON BOʻLISHINI TAʼMINLAYDI

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnoma yo‘lladi. Barcha yurtdoshlarimiz qatori davlatimiz rahbarining murojaatini men ham diqqat bilan tingladim va unda belgilab berilgan 6 ta ustuvor vazifalar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlash hamda xalqimiz turmush faravonligini oshirishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilishini chuqur his qildim.

Prezidentimiz taklifi bilan 2026 yilning mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi dilimdagi gap bo‘ldi. Chunki jamiyat rivojlanishi uchun eng avvalo uning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan mahalladagi infratuzilma, sharoitlar yaxshilanishi lozim. Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbari yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida dastur qabul qilinishini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar aks etishini bildirdi.

Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishni birinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berdi. Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi, – dedi Prezidentimiz.

Murojaatnomada ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishdan iborat ekanligi ta’kidlandi. Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga alohida urg‘u qaratildi.

Prezidentimiz uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtaldi. Bozorlarimizdagi to‘kinlik, narx-navo barqarorligi, aholining iste’mol talabi ortib borayotgani – turmush sifati yaxshilanayotganini ko‘rsatadigan eng asosiy omil sifatida baholanib, xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha dastur doirasida bajariladigan ishlar birma-bir ko‘rsatib o‘tildi.

Murojaatnomada kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish etib belgilangani bejiz emas. Yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarayotgan bugungi davrda bu masala islohatlarimiz asosida turishi kerak. Chunki endi hohlaymizmi, yo‘qmi sanoatda avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada aqlli texnologiyalar, transportda intellektual boshqaruv kundalik hodisaga aylanib boraveradi.

Ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanishni bugun davrning o‘zi taqoza etmoqda. Dasturda bu muhim masala beshinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi va bu borada amalga oshiriladigan ishlar, chora-tadbirlar ham aniq ko‘rsatib berildi.

Murojaatda zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarga oltinchi ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor qaratildi. 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanishi, barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinishi Prezidentimiz tomonidan qayd etib o‘tildi.

E’tiroflisi, platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va ko‘rib chiqish muddatini nazorat qilish sun’iy intellekt orqali amalga oshiriladi. Bu esa davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratish imkonini beradi.

Xullas, davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalar 2026 yil mamlakatimizda barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yasaydi. Ishonamizki, yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaro islohotlar natijasini kundalik hayotida his qiladi.

Anvar Norboyev,

Xalq deputatlari Samarqand viloyat

Kengashi deputati.