Yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi
Davlatimiz rahbari tomonidan yigit-qizlarning bandligini ta’minlash va ularning biznes tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim hujjat — “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (PQ–210-son, 01.06.2026-y.) qaror imzolandi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, AT “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmagan yoshlarga 7 yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
✔️Kredit shartlari:
Imtiyozli davr: asosiy qarzdan 1 yilgacha, foiz to‘lovlaridan 3 oygacha;
Stavka: Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada.
Sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha bo‘lgan imtiyozli mikroqarzlar quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
1. 20 mln so‘mgacha — xorijiy til va raqamli texnologiyalarni o‘rganish hamda zamonaviy kasb-hunar egallash bo‘yicha o‘qish xarajatlari uchun;
2. 50 mln so‘mgacha — zamonaviy kasblar (SMM, mobilografiya, frilanserlik), internet do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilish loyihalari uchun;
3. 50 mln so‘mgacha — kasanachilik, to‘qimachilik, mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va sotish loyihalari uchun;
4. 100 mln so‘mgacha — novvoychilik va shirinliklar tayyorlash hamda sotish loyihalari uchun.
Ushbu imkoniyat yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.