“Nurli diyor” mahallasida yo‘l infratuzilmasi yaxshilanmoqda
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi kotibiyati mudiri A. Avliyakulov 7-Qahramon saylov okrugi deputati S. Xakimov bilan birgalikda “Nurli diyor” mahallasida asfaltlashtirish ishlari olib borilayotgan hamda yakunlangan hududlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida yo‘l qurilishi va ta’mirlash ishlari sifati, belgilangan reja asosida amalga oshirilishi hamda yaratilayotgan qulayliklar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, aholining transport qatnovi va kundalik harakatlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ichki yo‘llarni yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mas’ullar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning sifatli va o‘z vaqtida yakunlanishi yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Mazkur ishlar mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholiga yanada qulay sharoitlar yaratish hamda hudud obodligini ta’minlashga xizmat qiladi.