Xalq deputatlari Namangan viloyati va shahar Kengashi deputati Narimon Dehqonov tomonidan Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i nomiga deputat so‘rovi yuborildi.
Mazkur so‘rovda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohasidagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqib, Namangan viloyatidagi ta’lim muassasalarida (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi hamda oliy ta’lim muassasalari) favqulodda holatlar — yong‘in, texnogen xavf, zilzila va boshqa vaziyatlar yuzaga kelganda aholini, ayniqsa bolalar, o‘quvchi va talaba yoshlar hamda pedagog xodimlarni xavfsiz evakuatsiya qilishga to‘sqinlik qiluvchi kamchiliklarni bartaraf etish masalalari ko‘tarilgan.
Jumladan, ayrim muassasalarda kirish-chiqish eshiklarining belgilangan talablarga javob bermasligi, evakuatsiya uchun yetarli darajada keng emasligi, shuningdek favqulodda xizmat texnikalarining bino hududiga erkin kirib borish imkoniyati cheklanganligi qayd etilgan.
Mazkur yo‘nalishda tegishli choralar ko‘rish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar ilgari surildi.