Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining 30-sessiyasida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasi mablag‘larini manzilli ajratish va ulardan samarali foydalanish masalasi muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-17-sonli Farmoni va PQ-49-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida jami 755 mln so‘m mablag‘ni bir qator ijtimoiy va infratuzilma tadbirlariga yo‘naltirish belgilandi. Jumladan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaning xonadonini ta’mirlash uchun 20,6 mln so‘m, piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida panjara to‘siqlar o‘rnatish uchun 525 mln so‘m ajratilishi ko‘zda tutildi.
Shuningdek, “Nuroniylar maskani” binosini joriy ta’mirlashga 110 mln so‘m, “Do‘stlik” va “Nonavoylik” guzari mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda mebel jihozlarini xarid qilish uchun 120 mln so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Sessiyada mablag‘larning maqsadli va shaffof sarflanishi, qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishi hamda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘qon shahar hokimligi buyurtmachi tashkilot etib belgilandi.
Muhokamalar yakunida mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, uning ijrosini ta’minlash va ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi