XALQ DEPUTATLARI PARKENT TUMAN KENGASHINING KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH VA XAVFSIZLIK MASALALARI BO‘YICHA DOIMIY KOMISSIYASINING NAVBATDAGI YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI.
O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuni 19¹-moddasi talablariga muvofiq Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni doimiy komissiya raisi Salimboyev Xasan Dilmurodovich olib bordi. Unda doimiy komissiya a’zolari, tuman Kengashi kotibiyati mudiri va bosh mutaxassislari, Parkent tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Azizov Umid Maxsudovich, shuningdek, tegishli tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etdilar.
✅ Kun tartibidagi asosiy masala — Parkent tuman Adliya bo‘limi tomonidan 2026-yilning 9 oyi davomida qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash jarayonida mavjud qonunbuzilishlar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotni eshitishdan iborat bo‘ldi.
✅Yig‘ilishda Parkent tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Azizov Umid Maxsudovichning hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish borasidagi faoliyat yuzasidan axboroti tinglandi.
✅ Muhokama davomida qonun ijodkorligi jarayonida qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya etish, huquqni qo‘llash amaliyotida uchrayotgan kamchilik va qonunbuzilishlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mansabdor shaxslarning qonunchilik talablariga mas’uliyat bilan yondashuvini kuchaytirish hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
✅ Yig‘ilish yakunida axborot yuzasidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, mazkur masalani Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish belgilandi.
Shuningdek, namunaviy doimiy komissiya qarori asosida Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va ularning bajarilishini doimiy nazoratga olish belgilandi.
➡️ Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi qonun ustuvorligini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiradi.