Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashining 2026-yilga mo‘ljallangan Ish rejasiga muvofiq O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan deputat J.Abdixayomova tomonidan tumanning “Ma’rifat” mahallasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda kriminogen vaziyatni barqaror saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganish davomida deputat mahalla raisi M.Yulchiyev bilan hududdagi kriminogen holat, aholi murojaatlari, ijtimoiy muhit, muammoli oilalar bilan ishlash, notinch va xavf guruhiga kiruvchi fuqarolarni nazorat qilish hamda profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligi yuzasidan atroflicha suhbatlashdi.
Deputat mahallada amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, fuqarolar yig‘inlari, tushuntirish ishlari hamda aholi bilan ochiq muloqotlarning holati bilan ham tanishdi. Aniqlangan ayrim masalalar bo‘yicha mas’ullarga profilaktik choralarni yanada kuchaytirish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan tizimli ishlash, fuqarolar murojaatlarini tezkor hal etish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.