Navoiy davlat universitetida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi tomonidan “Siyosatga marhamat” loyihasi doirasida navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi.Tadbirda universitet o‘qituvchilari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, partiya faollari hamda deputatlar ishtirok etishdi. Unda partiya viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Ochilova partiyaning saylovoldi dasturi, ustuvor loyihalari va maqsadlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, mamlakatimizda ayollarning siyosiy faolligini oshirish va jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
Xalq deputatlari Karmana tuman Kengashidagi O‘zMTDP deputatlik guruhi hamda “Siyosatchi ayollar” klubi a’zosi, Navoiy davlat universiteti rus tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, dotsent Feruza Ro‘ziyeva so‘zga chiqib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. U talaba-qizlarni jamiyatda ro‘y berayotgan yangilik va o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasdan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishga chorlagan.
Shuningdek, tadbirda jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Karmana tumani 22-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori D.Ro'ziqulova bog'chada bolalarning sog'lom ovqatlanishi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma'lumot berdi.
Tadbir yakunida 30 nafar talaba-qiz partiya a’zoligiga qabul qilindi. Bu esa yosh avlodning siyosiy jarayonlarga bo‘lgan qiziqishi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga bo‘lgan ishonchi hamda sadoqatining yorqin ifodasidir.