Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlash ishlari bo‘yicha 2025-yil uchun manzilli dastur tasdiqlandi. Shuningdek, “Ochiq byudjet” axborot portalida ovoz berish natijasida qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslarga ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri yo‘naltirilishi bilan bog‘liq holatlar haqida ma’lumot berildi. Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorining shahardagi ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni ham muhokama qildilar. Sessiya davomida byudjetning qo‘shimcha manbalaridan samarali foydalanish borasidagi masalalar ham e’tibor markazida bo‘ldi. Yakunda deputatlar tomonidan kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.