Yangiliklar

ЮКСАК ИШОНЧ

Muhtaram Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlatimiz tomonidan taʼlim sohasiga berilayotgan eʼtibor va amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasida farzandlarimiz, qolaversa pedagoglar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganligi shu yurt farzandi, shu xalq vakili sifatida meni hech qachon befarq qoldirmagan.  Yurtboshimiz qaysi hududga bormasin yoki qanday anjumanda so‘zga chiqmasin, albatta taʼlim sohasiga alohida to‘xtalishlari, tizimning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha taʼlimga alohida eʼtibor qaratishlari ahamiyatlidir. Bugun mamlakatimiz rahbari tomonidan maktabgacha taʼlim sohasini yana-da rivojlantirish va bolajonlar uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratish, taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladigan bir qancha qaror va farmonlarga imzo chekilganki, bularning barchasi shubhasiz kelajagimizning bugungidanda yorqinroq bo‘lishiga xizmat qiladi. Prezident raisligida shu yilning 15 may kuni maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yana-da oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tgan videoselektor yig‘ilishini kuzatar ekanman, yuqoridagi fikrlarim yana bir bor tasdig‘ini topganiga amin bo‘ldim. Mamlakatimiz rahbari maktabgacha taʼlim tizimining bugungi kuni haqida fikr bildirar ekan: “Qamrov oshdi, lekin sifat bo‘yicha qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bog‘chalar nafaqat tarbiya, balki bolada taʼlim olish uchun ilk ko‘nikmalarni shakllantiradigan maskanga aylanishi kerak”, dedi.

Darhaqiqat, bugun olti yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga deyarli to‘liq qamrab olinganligi, keyingi yil bu raqamning 100 foizga chiqishi kutilayotganligi alohida eʼtiborga molik masala. Aslida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrda imzolangan ”Maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 152-sonli Farmonining har bir bandi o‘zining dolzarbligi bilan soha xodimlarini quvontirgan edi. Shuningdek, tuman va shaharlarda bittadan tayanch maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilishi va bunday tashkilotlarda “Mahorat kunlari”ning olib borilishi, maktab va oliy taʼlimning bo‘sh turgan binolarida ham maktabgacha taʼlim muassasalari ochishga ruxsat berilishi, 2025-2026 o‘quv yilida DUAL taʼlim joriy etilishi, o‘rta maxsus maʼlumotli 5 yillik stajga ega xodimlar uchun 200 ta maqsadli kvotalar ajratilishi, 2025 yilning boshidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolarini qurish-rekonstruksiya qilish uchun talablarni ko‘rib chiqish kabilar bugun sohada erishilgan muvaffaqiyatlar garovi bo‘lib xizmat qilmoqda. Yoki, taʼlim tashkilotiga menejerlik qobiliyatiga ega bo‘lgan, jamoani o‘zining orqasidan ergashtira oladigan, halol va adolatli rahbarlar qo‘yilishi tizimining yaratilishi ham bu borada ijobiy samara bermoqda, deyishimizga asos bo‘la oladi. Agarda aksincha bo‘lsa, maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ko‘zining oqu qorasi bo‘lgan farzandlarini ishonib topshirgan ota-onalar tizimdan hech qachon rozi bo‘lishmaydi. Yig‘ilishda joriy yildan ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich taʼlim o‘quv dasturlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish zarurligi taʼkidlandi. Bunda Singapurning nufuzli tashkiloti bilan bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi. Endilikda davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladigan bo‘ldi.

- O‘zbekistonda qator mezonlar asosida o‘qituvchilarga o‘ndan ortiq ustama joriy qilindi, bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olyapti. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi, - deya maʼlum qildi Shavkat Mirziyoyev. Hozirgi kunda taʼlim sohasida fidoyilik bilan halol mehnat qilayotgan pedagoglar o‘z navbatida ham maʼnan, ham moddiy tomondan tizimli rag‘batlantirib borilmoqda. Malaka toifasiga ega va ustama to‘lovlari bilan hozirgi kunda Przidentimiz taʼkidlagandek oylik maosh olayotgan tarbiyachilar safi tobora ko‘payib bormoqda. Bu albatta boshqa xodimlarning o‘z ustida yana-da qunt bilan ishlashiga, bilimini oshirib, kerakli toifaga ega bo‘lishga undaydi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi mutasaddilarining tizimni yana-da rivojlantirish borasidagi fikr va takliflari, hududlar rahbarlarining hisobotlari ham tinglandi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, taʼlim sohasiga shunchalik eʼtibor qaratilib, shart-sharoitlar yaratilayotgan bir vaqtda tizim rahbarlari, pedagoglar shunchaki ishlashi mumkin emas. Ular xalqimiz farzandlariga bor mehrini berib, butun salohiyatlarini ishga solib, har narsadan el manfaatini ustun qo‘yib mehnat qilishlari lozim. Aslida ham ular shunday fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda. Chunki ustoz-murabbiylarga xalqimiz, Prezidentimiz ishonch bildirgan. Katta masʼuliyatni o‘z zimmasiga olgan o‘qituvchi va tarbiyachilar esa bu ishonchni oqlash salohiyatiga egalar.
Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati Donishev Said Ibragimovich