O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori hamda Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya asosida hududlarda deputatlik o‘rganishlari davom ettirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 10-Bobur saylov okrugi deputati E.Tursunqulov hamda deputat S.Azizov ishtirokida Bobur mahallasida tashkil etildi.
O‘rganish davomida mahalla raisi tomonidan hududni obodonlashtirish, ko‘chalar va umumiy foydalanish joylarining ozodaligini ta’minlash, mahalla muhitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Deputatlar obodonlashtirish tadbirlarining samaradorligi, mavjud sharoitlar hamda hududda amalga oshirilayotgan ishlarning holatiga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, mahallada tozalik va tartibni saqlash, obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish hamda bu borada mahalla faollari va fuqarolar hamkorligini kuchaytirish masalalarining ahamiyati qayd etildi.
Mazkur o‘rganishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mahallada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini baholash, mavjud masalalarni aniqlash hamda ularning yechimi yuzasidan deputatlik nazoratini kuchaytirishdan iborat.
Deputatlik o‘rganishlari hududlarda aholi uchun qulay va munosib sharoitlar yaratish, mahallalarni obod qilish hamda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali nazoratni ta’minlashga xizmat qiladi.