Aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, mavjud infratuzilmani yangilash va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 17-Navro‘z saylov okrugi deputati M.Mirzayev tomonidan Navro‘z mahallasida elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqqan holda bevosita o‘rganildi.
Avvalroq mahalla aholisi tomonidan elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar yuzasidan bildirilgan murojaatlar deputat e’tiboriga olingan edi. Mazkur masala yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida hududdagi eskirgan yog‘och elektr ustunlarini zamonaviy beton tayanchlarga almashtirish ishlari boshlangan.
Bugungi kunda 106 dona beton elektr tayanchi hududga olib kelingan bo‘lib, yana 91 dona tayanchni yetkazib berish rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlar davom etmoqda.
O‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-avgustdagi O‘RQ–940-son “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi nuqtayi nazaridan ham masalaning ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Mazkur Qonun 2024-yil 9-noyabrdan kuchga kirgan.
Deputat M.Mirzayev joyida o‘rganish davomida ishlarning borishi, belgilangan rejalar ijrosi va aholini qiynab kelayotgan masalalarning amaliy yechimini kuzatib bordi. Shuningdek, elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur ishlar yakuniga yetkazilishi Navro‘z mahallasida elektr ta’minoti infratuzilmasini yangilash, xonadonlar va tadbirkorlik subyektlari uchun yanada barqaror sharoit yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. Eng muhimi, elektr ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish hududda yangi loyihalarni amalga oshirish, ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Deputatlik nazorati davom etmoqda. Asosiy e’tibor — belgilangan ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, fuqarolar murojaatlarining amaliy yechim topishi hamda mahalla infratuzilmasidagi mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga qaratilgan.