O‘tgan besh oyda mamlakatimizda sanoat 6,4 foizga o‘sdi, eksport 18 foizga, xorijiy investisiyalar 46 foizga oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi, 2 million 400 ming odam daromadli bo‘ldi.
Ikki oy oldin Energiya samaradorlik agentligi tashkil qilinib, byudjetdan 100 milliard so‘m berildi. Energetika vazirligi va agentlikka vazirlik, hokimlik va davlat korxonalarining oylik iste’moli 500 kilovatt soatdan yuqori bo‘lgan xodimlari ro‘yxatini shakllantiradi. Ushbu xodimlarga energiya samarador texnologiyalarga o‘tish uchun “yashil ta’mir” krediti yoki subsidiya olishga ko‘maklashiladi. Kerak bo‘lsa, byudjetdan tashqari jamg‘armasidan ssuda berilishi mumkin. Buning hisobidan yil yakunigacha iste’moli yuqori bo‘lgan kamida 100 ming xonadon energiya samarador tizimga o‘tishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi keskin oshmasligi, korxonalar “soya”dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek qilib qaytarish tartibi o‘tgan hafta tasdiqlangan edi. Mutasaddilar keshbekni bir kunga bo‘lsa ham kechiktirmaslik zarurligi haqida ogohlantirildi.
Yil boshidan 867 ta “og‘ir” toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 1,4 trillion so‘m berildi. Buning hisobiga 662 ming xonadondagi jami 80 ming gektar tomorqaga 25-30 yil ichida ilk bor suv yetib bordi. Lekin serdaromad ekin ekib, 2-3 marta hosil olish o‘rgatilmayotgani qayd etildi.
Hokimlardan oziq-ovqat va eksportni ko‘paytirish talab qilinmoqda. Lekin tumanlar hududining katta qismini tashkil qiladigan o‘rmon va yaylov yerlari respublika tashkilotlariga berilgan. Tuman hokimining vakolati bo‘lmagani uchun daraxt bilan qoplanmagan o‘rmon hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtira olmaydi.
Umuman, oziq-ovqatni ko‘paytirishda eng katta zaxira bo‘lgan 16 million gektar yaylov va 12 million gektar o‘rmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Hukumatga bir oyda o‘rmon va yaylov yerlarining qanchasini aholiga oziq-ovqat, ozuqa uchun bo‘lib berishini hisob-kitob qilish hamda yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.
Hozirgacha 8 ming 481 ta mahallada saylov bo‘lib o‘tdi. 3 ming 590 ta mahallaga yangi raislar saylandi, 4 ming 891 nafari
joyini saqlab qoldi. Mahallalar uyushmasi mahalla raislari va “yettilik”ni yangicha ishlashga o‘rgatishi zarurligi qayd etildi.
Tumandagi xodimning oyligi vazirlikka qaraganda 3-4 karra kam bo‘lgani uchun kadrlar qo‘nimsizligi yuqori ekani qayd etildi. Tuman hokimiga yuzdan ortiq qonun va qarorlar bilan 500 ga yaqin funksiya yuklatilgani bilan, ularning yarmidan ko‘pini bilmaydi. Chunki o‘zi ham, o‘rinbosarlari ham 40 foiz vaqtini yig‘ilish o‘tkazishga sarflayapti.
Tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, yaxshi rahbarni rag‘batlantirish, yomonini almashtirish bo‘yicha hokimda vakolat yo‘q. Quyi bo‘g‘indagi shtatlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos emas.
Tumandagi kompleks rivojlanishga mas’ul birorta idora 3-5 yillik maqsad va rejalar dasturini qilib, hokim oldiga masala qo‘ya olmayapti, kunlik topshiriqlar bilan ovora. Shu bois, ayrim tumanlarda tayyor berilgan resursga ham loyiha topilmayapti.
Endilikda hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada o‘rinbosari bo‘lishini hokimning o‘zi
belgilaydi. Misol uchun, Sirdaryo tumani hokimi kelgusi uch yilda turizm, servis va logistikani tumanni asosiy drayveri sifatida ko‘rayapti. Shu bois, uning iqtisodiyot bo‘yicha 1-o‘rinbosari bir vaqtni o‘zida turizm, servis va logistikaga mas’ul bo‘ladi. Unga 10 ta aniq vazifa yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablag‘i bilan mustahkamlanadi.
Xuddi shunday, hokim va qolgan 3 nafar o‘rinbosariga ham aniq vazifalar moliyaviy ta’minoti bilan belgilab beriladi.
Hokim, uning o‘rinbosarlari KPIni to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aksincha bo‘lsa, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbar ishdan ketadi.
Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.
Muhtaram yurtboshimiz tomnidan mamlakatning rivojlanishi, uni ravnaq topishi uchun hamma birdek mas’ul ekanligi alohida ta’kidlab o‘tilmoqda. Shunday ekan hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari, ularni o‘z vaqtida sifatli bajarilishi ustidan “deputatlik nazorati”ni o‘rnatish, ushbu qilinayotgan islohotlarni aholiga tushuntirish ishlari biz deputatlar oldida turgan eng katta vazifalardan biridir.
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati
O'rolova Dilrabo Erkinovna