Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

Deputatlar aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar

Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashining 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq Kengash raisi O.Babayev, kotibiyat mudiri J.Sadirov, deputatlar M.Ashurov, A.Kulbayev, Y.Narbekov hamda kotibiyat xodimi M.Tursunbayeva tomonlaridan tumanning “Sari-Qangli” mahallasida istiqomat qiluvchi aholi vakillari bilan muloqot o‘tkazildi.

🔺Uchrashuvda aholini qiynab kelayotgan masalalar atroflicha tinglanib, murojaatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokamalar olib borildi. Qabul davomida aholi asosan ichimlik va sug‘orish suvi ta’minoti, ichki yo‘llarni ta’mirlash hamda tomorqa yer maydonlarini sug‘orish bilan bog‘liq muammolarni o‘rtaga tashladi. Ayniqsa, ayrim hududlarda suv ta’minotidagi uzilishlar va sug‘orish tarmoqlarining yetarli darajada ishlamayotgani fuqarolar tomonidan qayd etildi.

🔺Shuningdek, mahalla ichki yo‘llarining ayrim qismlari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani, bu esa aholi uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi. Tomorqa yerlarini samarali sug‘orish uchun ariq va kanallarni tozalash, suv taqsimotini yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirildi.

🔺Deputatlar har bir murojaatni alohida nazoratga olib, muammolarni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari va tavsiyalar kiritilishini ma’lum qildilar. Qabul yakunida fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha nazorat o‘rnatilishi, aholini qiynayotgan muammolarni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.

Slide 1 of 7