O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston munosabatlari
Mo‘g‘uliston O‘zbekiston uchun Osiyo mintaqasidagi an’anaviy va ishonchli hamkor hisoblanadi. O‘zbekiston — Mo‘g‘uliston munosabatlari do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 25-yanvarda o‘rnatilgan. Shundan buyon ikki tomonlama muloqot izchil rivojlanib, do‘stlik rishtalari, siyosiy hamjihatlikni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini namoyon etmoqda.
So‘nggi yillarda barcha darajadagi aloqalar va almashinuvlar faollashdi. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari jadal o‘sib, qo‘shma korxonalar soni ko‘paydi. Ayni paytda O‘zbekistonda ushbu mamlakat bilan savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida 17 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan. Ularning 12 tasi 100 foiz Mo‘g‘uliston kapitali bilan faoliyat yurityapti.
Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik ham chuqur tarixiy rishtalarga asoslanadi. Turkiy va mo‘g‘ul xalqlari asrlar davomida Markaziy Yevroosiyo dashtlaridan vujudga kelgan yagona etnik-madaniy va geosiyosiy makonda yashab kelgan.
Bugungi kunda ikkala tomon ham talabalar almashinuvi, akademik aloqalar, tarix, til va madaniyatni o‘rganish bo‘yicha dasturlarni rivojlantirmoqda. Turkologiya va sharqshunoslik markazlarini rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish bo‘lib, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston tajribasi ilm-fan va ta’lim sohalarini o‘zaro boyityapti.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning 2024-yil 23-26-iyun kunlari O‘zbekistonga birinchi davlat tashrifi O‘zbekiston —Mo‘g‘uliston do‘stligini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishning tasdig‘idir.
Ikki davlat rahbarlarining samarali muzokaralari yakunlari bo‘yicha imzolangan davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot, shuningdek, 14 ta hukumatlararo va boshqa hujjatlar mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirish va hamkorlik sohalarini kengaytirishga xizmat qilayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan 24-25-iyun kunlari ushbu mamlakatga davlat tashrifi ko‘p qirrali O‘zbekiston — Mo‘g‘uliston aloqalarini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi, shubhasiz.
Ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari rivojida tarixiy voqea bo‘ldi. Uning asosiy natijalaridan biri — Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanganidir. Chunki ushbu hujjat ikki mamlakat hamkorligida do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan yangi bosqichni boshlab berdi.
Muzokaralarda asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratildi. Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali bir necha barobar oshirish vazifalari belgilandi. Ulan-Batorda ko‘rgazma zaliga ega bo‘lgan O‘zbekiston savdo uyi ochilishi bu ishlar uchun amaliy asos bo‘ladi.
Ushbu tarixiy tashrif O‘zbekiston tashqi siyosatidagi strategik o‘zgarishlar, diplomatik va iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish yo‘lidan borayotganidan dalolat berib, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab beradi.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi yaqinlashuv dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan ikki davlatning o‘zaro yordamni kuchaytirish va
barqaror transport-logistika yo‘nalishlarini yaratish istagini aks ettiradi. Quruqlikdagi transport yo‘laklarini optimallashtirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish taklifi uzoqni ko‘zlagan muhim tashabbusdir.
Ulan-Batorda savdo uyining ochilishi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va qurilish materiallari sohasida ilk qo‘shma loyihalarning
ishga tushirilishi ijobiy dinamika yaratmoqda. Ikki tomonlama aloqalar dinamikasi esa o‘zaro manfaatdorlikdan dalolat beradi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining Mo‘g‘ulistonga tashrifi O‘zbekiston — Mo‘g‘uliston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi va mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik rishtalarini mustahkamlash va o‘zbek-mo‘g‘ul hamkorligi tarixida yangi sahifa ochdi.
Xalq deputatlari Dehqonobod tuman Kengashi deputati K.Xushvaqtov