O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-98-son Farmoni bilan tasdiqlangan Konsepsiyada xalq vakillarining tiyib turish va nazorat vakolatlari kengaytirilmoqda.
Ayrim rahbarlar Kengashlarga qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘z axboroti yoki hisobotini taqdim etmasligi, taqdim etilayotgan axborot yoki hisobotda kerakli ma’lumotlarning berilmasligi, sessiyalarga shaxsan o‘zi kelmasligi kabi salbiy holatlar uchrab turibdi.
Mansabdor shaxslarning Kengash oldidagi mas’uliyatining oshirish maqsadida Kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, lavozimga tayinlanishida Kengash roziligi olinadigan mansabdor shaxslarning odob-axloq normalarini buzganlik bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish huquqi Kengashning Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasiga berilishi nazarda tutilmoqda.
Yana bir yangi nazorat shakl – “Kengash soati” joriy etilishi. Bunda ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axboroti eshitilishi belgilanmoqda.
Bu xalq vakillarining deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.