Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishga keng jalb etish, sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ayniqsa iqtidorli va tashabbuskor yoshlarning g‘oya, loyiha hamda startaplarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Shu bilan birga, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida deputat M.Jalolov tomonidan davlatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar, xususan, ta’lim, bandlik, kredit va grantlar ajratish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglanib, dolzarb masalalar yuzasidan aniq fikrlar bildirildi.
Shuningdek, yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlar deputat tomonidan qabul qilinib, ularni o‘rganish hamda amaliy yechim topish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi ta’kidlandi. Ayrim muammolarni joyida hal etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Uchrashuv yakunida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi. Tadbir ko‘tarinki ruhda, ochiq muloqot va o‘zaro ishonch asosida tashkil etilib, ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi.