Prezidentimizning yaqinda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mustahkam tarixiy saboqlarning va yangi yuksalishlarga intilishning yana bir yaqqol ifodasi bo‘ldi.
Qarorda alohida ta’kidlangan muhim jihat — bu ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatimizdagi tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhiti. Bu so‘zlar shunchaki shior emas, balki yurtimizdagi har bir insonning kundalik hayoti, ichki osoyishtaligi va kelajakka bo‘lgan ishonchi uchun asosiy poydevordir.
Joriy yil 21-aprelda qabul qilingan Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ham ushbu tarixiy jarayonning
mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta turli konfessiya vakillari bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik asosida bir oiladek yashamoqda. Masalan, bir mahallada qo‘shni bo‘lib yashovchi o‘zbek, rus, koreys, tojik yoki tatar millatiga mansub aholi farzandlarini bir maktabga olib boryapti, bir xo‘jalikda yelkadosh bo‘lib mehnat qilyapti. Bu ulkan yutuqni, oliy ne’matni qadrlash va uni kelajak avlodlarga sog‘-salomat yetkazish har birimizning burchimiz.
Farmon bilan davlat va din munosabatlarini tartibga solishda shaffof mexanizmlar joriy etildi. Masalan, “Haj va Umra yagona
portali” va mobil ilovalar orqali ziyorat qilish uchun ochiq, to‘siqlarsiz xizmatlar taqdim etilayotgani zamonaviy boshqaruvning namunasi bo‘ldi.
Bundan tashqari, fuqarolarning diniy e’tiqod va vijdon erkinligini ta’minlashga oid qonunlar asosida turli konfessiyalarga mansub 200 dan ortiq tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu nafaqat inson huquqlari, balki jamiyatdagi ishonchli muhitning yaratilishiga ham xizmat qilyapti.
Prezidentimizning mazkur qarori ana shu bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga, aholining hamjihatlik va tinchlikka bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi. Bu bayram — faqat tarixiy sana emas, balki kelajakda qanday mamlakat qurishimizni ko‘rsatuvchi mayoq aslida.
Davlat mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanmoqda. Bu shior nafaqat bayramning asosiy g‘oyasi, balki mustaqillik yo‘lidagi barcha islohotlarimizning mazmun-mohiyatini ifodalaydi. U xalqimizning ezgu orzu-umidlari, Vatanga muhabbati, kelajak uchun mas’uliyatini o‘zida mujassam etgan ilhom manbaidir.
Mustaqillik — so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, o‘z fikri va e’tiqodiga ega bo‘lish huquqi. Ushbu huquqlarning kafolatlangani, davlat
siyosati darajasida e’tirof etilgani har bir fuqaroning iftixori kerak.