Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashi kotibiyati mudiri, deputat G.Xudoyarova Zarbdor tumanidagi zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, o‘quvchilarning yashash va ovqatlanish sharoitlari o‘rganildi. Shuningdek, ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan surdopedagog va mutaxassis o‘qituvchilar bilan suhbat o‘tkazilib, o‘quvchilarning bilim olishi, nutqini rivojlantirish va kasb-hunar ko‘nikmalarini shakllantirish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Deputat tomonidan mavjud muammolar va takliflar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi. Ta’lim sifatini oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalalari alohida e’tiborga olindi.
Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashi tomonidan ijtimoiy soha obyektlari faoliyatini o‘rganish, aholi manfaatlarini va ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.