«ADOLAT» MAHALLASIDAGI BOLALAR MAYDONCHALARINI TIKLASH MASALASI DEPUTATLIK SO‘ROVI ORQALI KO‘TARILDI
Xalq deputatlari Yunusobod tumani Kengashi deputati Ashrapova Iqbolxon Qutbiddinovna tomonidan saylov okrugida istiqomat qiluvchi fuqarolarning murojaatlari o‘rganilib, aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotga deputatlik so‘rovi yuborildi.
📩Murojaatda Yunusobod tumanidagi «Adolat» mahallasi, 23-uy hududida joylashgan ikkita bolalar maydonchasi buzib tashlangani hamda o‘z dastlabki holida qayta tiklanmagani yuzasidan fuqarolarning murojaati kelib tushgani qayd etilgan.
🔎Murojaatni o‘rganish jarayonida bolalar maydonchalarining mavjud emasligi sababli mahallada yashovchi bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va xavfsiz o‘tkazish imkoniyatlari cheklangani aniqlandi. Shuningdek, ota-onalar farzandlarini o‘ynatish uchun boshqa hududlardagi bolalar maydonchalariga olib borishga majbur bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi.
🏗Mazkur holat mahallada bolalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, hududni obodonlashtirish hamda aholi uchun munosib sharoitlarni ta’minlash masalasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
📝 “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 8-moddalariga asosan, deputat o‘z vakolatlari doirasida fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish va tegishli davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlariga deputatlik so‘rovi yuborish huquqiga ega.
Shu munosabat bilan Ashrapova Iqbolxon Qutbiddinovna tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotga deputatlik so‘rovi yuborilib, quyidagilar so‘raldi:
🔺«Adolat» mahallasi, 23-uy hududidagi ikkita bolalar maydonchasining bugungi holatini joyiga chiqib o‘rganish; 🔺buzib tashlangan bolalar maydonchalarini qayta tiklash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish; maydonchalarni zamonaviy talablarga javob beradigan, xavfsiz va zamonaviy o‘yin jihozlari bilan ta’minlash; 🔺bolalar uchun xavfsiz va qulay dam olish hamda o‘yin sharoitlarini yaratish; 🔺amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar va belgilangan muddatlar yuzasidan deputatga yozma axborot taqdim etish.
📌Qonunning 8-moddasiga muvofiq, deputat so‘roviga javob so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay deputatga yuborilishi lozim. 🔺Mazkur masala deputatlik nazoratiga olindi.