Янгиликлар

Qo‘qon shahar Musiqali drama teatri faoliyati va 9 oylik hisoboti muhokama qilindi

Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining “Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha” doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish doirasida Qo‘qon shahar Musiqali drama teatri faoliyati o‘rganilib, muassasaning 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi.

Spektakllar namoyishi va tomoshabinlar qamrovi

Hisobotga ko‘ra, 2026-yilning 9 oyi davomida rejalashtirilgan 80 ta spektakl o‘rniga 91 ta spektakl namoyish etilib, reja 114 foizga bajarilgan. Shundan 65 tasi teatr binosida, 26 tasi esa gastrol safarlari va ko‘chma namoyishlar orqali tashkil etilgan.

Shuningdek, belgilangan 38 770 nafar tomoshabin o‘rniga amalda 43 560 nafar tomoshabin teatr spektakllarini tomosha qilgan. Natijada ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha reja 112 foizga bajarilgan.

Repertuar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar

️Hisobot davrida teatr repertuari yangi sahna asarlari bilan boyitildi. Jumladan, “Nodirai davron”, “Navqiron daho”, “Xotin meni uylarmish”, “Ish egasi”, “Ibn Sino” kabi spektakllar, bolalar uchun mo‘ljallangan “Qiyrol sher” asari hamda turli konsert dasturlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Bundan tashqari, teatr jamoasi tomonidan milliy bayramlar, buyuk allomalar tavallud kunlari, “Ochiq eshiklar kuni”, xayriya tadbirlari va teatr haftaliklari tashkil etildi.

Moliyaviy ko‘rsatkichlar va mavjud vazifalar

Yig‘ilishda teatrning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ham muhokama qilindi. Xususan, pullik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 627 million so‘m mablag‘ ishlab topilgani va belgilangan reja 83 foizga bajarilgani qayd etildi.

Muhokamalar yakunida doimiy komissiya a’zolari tomonidan teatr faoliyatini yanada rivojlantirish, tomoshabinlar qamrovini kengaytirish, repertuarni yangi va mazmunan boy sahna asarlari bilan to‘ldirish, shuningdek, muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli tavsiya va vazifalar belgilab olindi.

Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi

Slide 1 of 6