Yig‘ilishda doimiy komissiya vakillari, xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati xodimlari, tuman ichki ishlar bo‘limi, tuman adliya bo‘limi, Davlat kadastrlar palatasi tuman filiali vakillari ishtirok etishdi. Yig‘ilish kun tartibida Vobkent tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish va uning profilaktikasi hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2025 yil II chorak davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida, Vobkent tumani adliya bo‘limi boshlig‘ining 2025 yil II choragi davomida davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati, huquqni qo‘llash amaliyoti hamda huquqiy targ‘ibotning holati yuzasidan axboroti to‘g‘risida hamda Kadastr agentligi Vobkent tumani bo‘limi va Davlat kadastrlar palatasi Vobkent tumani filialida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning holati to‘g‘risidagi masalalar ko‘rildi.
Yig‘ilishda tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida tumanda jami 98 ta jinoyatlar qayd etildi. Shundan, tezkor yo‘llar bilan aniqlangan jinoyatlar 31 tani, oldini olish mumkin bo‘lgan 33 tani va axborot texnologiyalar orqali sodir qilingan jinoyatlar 34 tani tashkil qildi. Yengil va o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish 66 foizga, firibgarlik 27 tani va o‘g‘rilik 25 foizga kamaygan. Profilaktik ishlar yetarli bo‘lmaganligi oqibatida tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari 5 tadan 6 taga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 taga ko‘payishiga yo‘l qo‘yilgan.
O‘tkazilgan maxsus tezkor tadbirlar natijasida jami 31 ta shundan, 14 ta giyohvandlik holatlari, 4 ta poraxo‘rlik, 1 ta qimorxona tashkil etish va 12 ta boshqa turdagi jinoyatlar aniqlangan.
Tuman adliya bo‘limi tomonidan II chorak davomida jami 44 ta murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 32 tasi qanoatlantirilib, 9 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 3 ta murojaatga taalluqliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 apreldagi PF-71-son Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar dasturining 11-bandida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Kadastr agentligi Vobkent tumani bo‘limi va Davlat kadastrlar palatasi Vobkent tumani filialida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning holati to‘g‘risida o‘rganish natijalari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashining korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi M.Mustafoyevning axborotini hamda Kadastr agentligi tuman bo‘limi va Davlat kadastrlar palatasi tuman filiali boshliqlarining hisobotlarini eshitib, xalq deputatlari tuman Kengashi shuni qayd etadiki, kadastr sohasida korrupsiyaviy omillarni aniqlash borasida muayyan natijalarga erishilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi PQ-81-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tizimida Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi joriy etilgan.
Kadastr agentligi tuman bo‘limi va Davlat kadastrlar palatasi tuman filialida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining 2023 yil 10 iyuldagi 129-sonli buyrug‘i talablariga muvofiq hamda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi - foydalanish bo‘yicha talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti talablari va tavsiyalarini tatbiq etilgan.
Yig‘ilish davomida deputatlar tomonidan sohalarda amaliy ishlar bilan birgalikda qilinishi kerak bo‘lgan bir qator vazifalar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tishdi.
Mazkur masalalar navbatdagi tuman Kengashi sessiyasida ko‘rilishi belgilangan.