#19_1_modda Deputatlik nazorati: uy-joy qurilishi uchun garovsiz kreditlar o‘rganilmoqda
Xalq deputatlari Pastdarg‘om tumani Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tomonidan aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozli kreditlar ajratilishi yuzasidan deputatlik nazorati olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan doimiy komissiyaning 2026-yil 20-avgustdagi 28-kx-487-26-sonli xati bilan tuman hokimi o‘rinbosari N. Qorayevaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan so‘rov yuborildi.
Mazkur so‘rov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonlarida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablari asosida amalga oshirildi.
So‘rovda tumanda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, jumladan, garovsiz kreditlardan foydalangan fuqarolar soni, ajratilgan mablag‘lar va yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
Mazkur o‘rganishlardan asosiy maqsad — imtiyozli kreditlar aholiga belgilangan tartibda va manzilli yetib borishini ta’minlash, shuningdek, ijro jarayonida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishdan iborat.
Deputatlik nazorati — muammo, yechim va natija sari.