Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmon ana shunday islohotlarning mantiqiy davomi sifatida, mamlakatimizda mahalliy vakillik organlarining vakolatlarini kengaytirish, ta’sirchanligini oshirish va xalq bilan muloqotni institusional asosda kuchaytirishni maqsad qilgan. Ushbu hujjat orqali mahalliy Kengashlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ularni haqiqiy xalq vakillariga aylantirish uchun huquqiy va tashkiliy asoslar yaratilmoqda.
Farmonga muvofiq, mahalliy Kengashlarga bir qator muhim vakolatlar berildi. Jumladan, davlat ko‘chmas Mulki ijara to‘lovlari stavkalarini belgilash, dafn etish xizmatlari tariflarini tasdiqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun ish o‘rinlari zaxirasini shakllantirish, shuningdek yo‘l harakati tezligini mahalliy darajada belgilash vakolati bevosita mahalliy deputatlar ixtiyoriga o‘tdi. Bu orqali joylardagi muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish imkoni paydo bo‘lmoqda.
Bunday keng vakolatlar mahalliy masalalarni joyida hal qilishga xizmat qiladi, aholining davlatga nisbatan ishonchini mustahkamlaydi hamda deputatlarning javobgarligi va faolligini oshiradi.
Farmonning yana bir muhim jihati —mahalliy tashabbuslar va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish masalasidir. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlamenti tajribasi asosida mahalliy Kengashlar qoshida
Yoshlar guruhlari tashkil etilishi belgilandi. Bu bilan yoshlar nafaqat tashabbus ko‘rsatadi, balki mahalliy qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etadi. Shu bilan birga, NNTlar, mahalla vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda olimlardan iborat Maslahat guruhlari tashkil etilishi jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, qarorlarning ochiq va asosli qabul qilinishiga xizmat qiladi.
Boshqaruv samaradorligini oshirishning yana bir muhim omili — moliyaviy mustaqillikdir. Mazkur Farmonga asosan mahalliy Kengashlar kotibiyatlari mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimiga ega bo‘ladi. Byudjetni shakllantirishda deputatlarning bevosita tashabbuslari inobatga olinadi, bu esa xalq vakillari orqali mablag‘lar manzilli va maqsadli taqsimlanishiga imkon beradi. Bu holat mahalliy moliyaviy siyosatda shaffoflik va samaradorlikni ta’minlab, deputatlarning iqtisodiy masalalardagi ta’sirini yanada kuchaytiradi.
Farmon bilan joriy etilayotgan yana bir innovasion tashabbus — xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari institutidir. Mazkur lavozim mahalliy Kengash faoliyatini tizimlashtirish, deputatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, fuqarolar murojaatlarini tahlil qilish va doimiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalarini o‘z zimmasiga oladi. Shu tariqa, mazkur institut mahalliy boshqaruvni ta’sirchan va muloqotga ochiq tizim sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan mahalliy Kengashlar faoliyatiga “Kengash soati” instituti joriy etilishi belgilangan bo‘lib, bu deputatlik nazoratini kuchaytirishda muhim qadam sanaladi.
Endi mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari Kengash oldida aholi uchun dolzarb bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan axborot beradi.
Bunda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etiladi, muammolar muhokama qilinadi va hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanadi. “Kengash soati” — mahalliy darajada
xalqchil boshqaruvni rivojlantirish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashda samarali maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmoni bilan tasdiqlangan konsepsiya — bu faqat hujjat emas, balki jamiyat, xalq va davlat o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga qaratilgan muhim siyosiy va huquqiy islohotdir.
2030-yilga qadar shakllantiriladigan ushbu model — mahalliy darajada xalqchil boshqaruvni kuchaytirish, elektron muloqot, nazorat mexanizmlari va jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bu kabi islohotlar “Xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari xalq uchun xizmat qilishi kerak” degan olijanob g‘oyani hayotga tatbiq etishda asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qiladi.
Xalq deputatlari Muborak tumani Kengashi deputati Erkayev Ulfat Agaboyevich